Dasturlash bo‘yicha video-dars tayyorlaymiz!
O‘tgan safargi maqolam dasturlashni qaysi usulda o‘rganish eng samarali degan mavzuda bo‘lgandi va o‘zbek tilida video-darslar kamligi haqida ham aytib
o‘tgandim. Bugun shu bo‘yicha sizlarga ayrim o‘rganganlarimni ulashmoqchiman.
Agar biror dasturchi yoki o‘z ishining ustasidan nega dars o‘tishni istamaysiz desangiz, quyidagi sabablardan birini / bir nechtasini keltiradi:
1. Video-dars yaratishga vaqtim yo‘q.
2. Ovozim yaxshi emas.
3. Gapira olmayman — bilganlarimni tushuntira olmayman.
4. Video-dars o‘tish samarali o‘qitish usuli emas.
Agar istasangiz, albatta vaqt topa olasiz. Hatto bu ishning professionali bo‘lib shu orqali real daromad olish haqida o‘ylab ko‘rganmisiz?
Ovozingiz kimgadir yoqmagan bo‘lsa, bu yomon deganimas, qolaversa, o‘rganuvchi sizning ovozingizga 10-15 daqiqadan keyinoq ko‘nikadi. U sizning yoqimli
ovozingizni tinglash uchunmas, dasturlashni o‘rganish uchun eshityapti.
Bilganlarini tushuntira olmaydigan odam — o‘zi yetarlicha o‘sha sohani bilmaydi degani. Gapimdan asabiylashmang, video-dars tayyorlash o‘zingizga ham foyda
— unutganlaringizni eslaysiz, so‘z bilan ifodalolmaydigan joylariga kerakli so‘zlarni qidirib topasiz va o‘zingiz yanada ko‘proq tushunganingizni
anglaysiz.
Har qanday darsning avval aytganimday “+” va “-“lari bor. Siz shu usulda shunday o‘qitishga harakat qilingki, video-darslarda ko‘rgan kamchiliklar sizning
tayyorlagan qo‘llanmangizda bo‘lmasin.
Quruq gapga ortiqcha berilib ketibmanku! O‘zi sizlarga video-dars tayyorlashda qo‘llashingiz mumkin bo‘lgan eng yaxshi video-muharrirlardan biri — Camtasia Studio 8 haqida aytish edi.
Ushbu dastur ekranni yuqori sifatda tasvirga olish bilan birga uni juda soda va tushunarli usulda tahrirlash imkoniyatini ham beradi. U shunchalik sodda va
tushunarliki, foydalanish uchun sizdan bu borada qandaydir tajriba yoki o‘quv talab qilinmaydi. Uni mana bu link orqali tekin sinov versiyasini ko‘chirib olishingiz mumkin.
Aslida dastur ancha imkoniyatlarga ega, lekin men aynan dasturlashdan video-dars tayyorlash uchun kerak bo‘ladigan imkoniyatlari haqida bosqichma-bosqich
gapirib o‘taman.
I. Dasturni o‘rnatganingizdan so‘ng uni ochsangiz quyidagicha oyna chiqadi:
U yerdan qizil ramka ichidagi tugmalardan birortasini bossangiz oyna vaqtinchalik yopilib, o‘rniga ekraningizning o‘ng pastki qismida quyidagicha yangi
oyna paydo bo‘ladi:
Undagi qizil “rec” tugmasini bosishingiz bilan ekranda ingliz tilida “yozuvni to‘xtatish uchun F10 tugmasini bosing” yozuvi chiqib, undan keyin 3,2,1
raqamlari yozilib, yozuv boshlanadi. Yozuv davomida darsingizni reja asosida bajarib ketavering va buni tushuntirib boring (mikrofoningiz kompyuterda soz
holatda ekanligini ham tekshirib qo‘ying).
Yozib bo‘lsangiz F10’ni bosib, to‘xtatasiz. Shundan keyin birdaniga yozuvingiz natijasini dastur o‘z pleyerida ochib beradi. Chekkadagi “Save and Edit”
tugmasini bosib biror nom bilan nomlab saqlang.
II. Tahrirlash.
Keyingi qadamda sizda quyidagicha oyna hosil bo‘ladi:
Bu yerda:
1) Kompyuter ekranini tasvirga olish tugmasi;
2) Boshqa video / audiofayllarni import qilish (barcha formatdagi faylni tashlash mumkin);
3) Video tayyor bo‘lgach uni saqlash va bir vaqtning o‘zida youtube va boshqa internet videoportallariga ulashish (share);
4) Videopleyer;
5-11 lar qo‘shimcha effect beruvchi vkladkalar:
5) Foydalaniladigan mediafayllar;
6) Kutubxona. Foydalaniladigan qo‘shimcha titul videoeffektlar, turli belgilar va stillar jamlanmasi. Dasturni o‘rntaganingizda unda hech narsa bo‘lmaydi.
Chekkasidagi “Get more media” (“qo‘shimcha medialar ol”) tugmasi orqali saytdan ularni ko‘chirib o‘rnatishingiz mumkin;
7) Callouts (“paydo bo‘luvchi rasmlar”). Ular siz urg‘u bermoqchi bo‘lgan qismda chiqishi yoki rasmlarni hosil qilishda kerak bo‘lishi mumkin;
8) Ekranni kattalashtirish tugmasi;
9) Audio. Ovozni tahrir qilishda, pasaytirish / ko‘tarishda, qo‘shimcha ovoz qo‘shishda va tiniqlashtirishda qo‘llaniladi;
10) O‘tishlar (“transitions”). Bir kadrdan 2-siga o‘tishdagi effektlar jamlanmasi;
11) Boshqa effektlar. Bunda sichqoncha kursoriga qo‘shiladigan effektlar (cursor), mikrofon orqali yangi trek yozib qo‘shish (voice narration), veb-kamera
orqali video-darsga hikoya qiluvchining ko‘rinishini kiritish (record camera), yozuv qo‘shish (izoh yoki subtitr) (Captions), ko‘rinish bo‘yicha sozlashlar
(visual properties) va savol qo‘shish (quizzing — bu faqat ayrim videoformatlardagina ishlaydi) bor.
12) Video vaqtini boshqaruvchi ko‘rsatkich. Siz u orqali o‘zingiz xohlagan vaqtfagi vaziyatni o‘zgartirishingiz, qirqib 2 qismga bo‘lishingiz (yashil va
qizil tugmachalarini kerakli qismga olib borib, kerakli trekni tanlab, “s” klaviatura tugmasi) yoki o‘chirib tashlashingiz (yashil va qizil tugmachalarini
kerakli qismga olib borib, kerakli trekni tanlab sichqoncha o‘ng tugmasini bosib delete) mumkin;
13) Treklar oynasi, aynan shu bo‘limga istalgan video / audioni qo‘shishingiz, va barcha qo‘shgan effektlaringizning davomiyligini shu yerda
boshqarishingiz mumkin.
Shu maqolani tayyorlash davomida har bir ishni sinab ko‘rib Camtasia’ning ajoyib imkoniyatlarini yanada ko‘proq o‘zim uchun kashf etdim.
Bitta maslahat: dars tayyorlashda uning davomiyligi 15 daqiqadan oshmasligiga e’tibor bering, chunki psixologlar o‘rganishlaricha aynan shuncha vaqtdan
keyin inson miyasi boshqa narsalarga chalg‘iy boshlarkan.
Sizlardan ajoyib video-darslarni umid bilan kutib qoluvchi Bahriddin!
sizga uzbekcha bulishi shartmasku, a internetta boshqa tilda tiqilib yotibdi.
shu videodarslar yaxshi emas degan narsaga shu erda tuxtalaman, man bunga 100% qushilaman. uzimni opitimdan: umrimda 1 marta video darsdan foydalanganman, 1 chi marta php,mysql da kod yozganimda. ammo xozir eslasam xech nimaga tushunmaganman :D 2 ta dars kurib keyin yigishtirdim. tinchgina uqishni boshladim php5 degan kuk kitobni olib. mana xozir xam bitta tizimni ishlatishni urganishim kerak, xech qanaqa xujjat yuq bu tizim buyicha, atigi 11 ta video qullanma bor(3-4 minutdan), qandaydir manoda nima qilishni urgatadi, lekin nima qilayotganizni uziz tushunmaysiz :)